Asosiy mazmunga o'tish

Axborot soatlari

1-MAVZU: BIR BO‘LSAK – YAGONA XALQMIZ, BIRLASHSAK – VATANMIZ !

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g’risida” gi Qaroriga ko‘ra, mustaqillikning 33 yillik shonli sanasi chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi hamda mamlakatning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur’atlariga munosib tarzda nishonlandi.Bu yilgi mustaqillik bayrami tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazildi. Ma’lumki, har bir kunning o‘zgacha fayzi bor. Har soniyada hikmat yashirin. Hayot qadri yorqin lahzalarda ifoda topadi. Odam avlodlarini obod va farovon kunlar shukuhi chorlab turadi. Ammo bularning bari faqat ozodlik ruhi va erkin yashash taqdiri bilangina haqiqatdir. Shu bois, insoniyat hamisha hurlik uchun kurashib kelgan. Shu bois, hayotning asl qadr-qimmati sanalgan, dunyodagi eng totli, eng jarangli so‘z - OZODLIK, MUSTAQILLIKni ulug‘laydi, sharaflaydi.O‘tgan davrda xalqimiz qancha sinovlarni boshidan o‘tkazdi, ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarni yenggib o‘tdi.33 yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri, dunyoqarashi, orzu-istaklari va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetdi. Xuddi shu singari, bugungi O‘zbekiston ham, o‘tgan davrda turli sinovlarda toblanib, tajriba orttirib, o‘zining aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllandi.

2-MAVZU: O‘zbekistonda parlament tizimi va undagi islohotlar

“Parlament” tushunchasi Parlament oliy vakillik organi bo‘lib, uning asosiy vazifasi hokimiyatlar bo‘linishi tizimida qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshirishdan iborat.“Parlament” so‘zi fransuz tilidagi “parler” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “gapirish” yoki “muzokara qilish” ma’nosini anglatadi. Bu atama o‘rta asrlarda paydo bo‘lgan va davlat masalalari bo‘yicha muhokama yuritish uchun yig‘iladigan oliy kengash yoki majlisni anglatgan.Har bir mamlakatning tili va tarixiy an’analari ta’sirida parlamentning nomi ham turlicha bo‘lishi mumkin, ammo uning maqsadi va mohiyati o‘zgarmaydi. Xususan, Buyuk Britaniya va Fransiyada – parlament, AQSh va Kolumbiyada – Kongress, Rossiya Federatsiyasi va Avstriyada – Federal Majlis, Koreya Respublikasi va Polshada – Milliy Assambleya, Latviya va Litvada – Seym, O‘zbekiston va Tojikistonda – Oliy Majlis va hokazo. Masalan, “Parlament” iborasi Fransiya, Gruziya, Singapur kabi bir qator mamlakatlar Konstitutsiyalarida rasmiy belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi tan olingan bo‘lib, davlat hokimiyati tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 91-moddasiga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi”.

3-MAVZU: Sportdagi natijalar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida axborot berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar to‘g‘risida axborot berildi.Avvalo, ommaviy sportni va olimpiya harakatini yanada kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Yaqinda Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilari jami 39 ta medalni qoʻlga kiritib, yuzlab davlatlar orasida 13-oʻrinlarni egallagan edi. Bu mamlakatimiz sporti tarixida eng yuqori natijalar bo'ldi. Mazkur nufuzli musobaqalar gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari 2028-yilda Los-Anjelesda boʻladigan oʻyinlarga hozirdan tayyorgarlik koʻrish, yoʻllanmalar soni va turini koʻpaytirish zarurligini taʼkidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari tomonidan sport turlari boʻyicha foydalanilmagan imkoniyatlar yana bir bor tanqidiy tahlil qilindi. Misol uchun, Olimpiya oʻyinlarida yengil atletika boʻyicha 48 ta, suv sporti turlarida 49 ta dastur mavjud. Lekin vakillarimiz ularda 5 va 4 ta yoʻllanma bilan qatnashdi, xolos.


Yangilangan: 21 oktabr 2026